Toʻlovchi dastlabki pul mablagʻlari ushbu mablagʻlardan oxirgi foydalanilgan kunning ertasidan eʼtiboran uch yil ichida qaytarib berilishini talab qilishga haqli. Dastlabki pul mablagʻlarini qaytarib olish uchun toʻlovchi shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga koʻrsatilgan pul mablagʻlari oʻtkazib berilgan bojxona organiga dastlabki pul mablagʻlarini qaytarib berish toʻgʻrisida ariza taqdim etadi. Toʻlovchi bojxona organiga ariza bilan bir vaqtda toʻlovchi va bojxona organi oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasini taqdim etadi. Bojxona organi oʻn besh ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatda oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasida koʻrsatilgan maʼlumotlarni solishtirib chiqadi. Oʻzaro hisob-kitoblarni solishtirish dalolatnomasi bojxona organining mansabdor shaxsi va toʻlovchi tomonidan imzolangan kunning ertasidan eʼtiboran uch ish kuni ichida bojxona organi dastlabki pul mablagʻlari qaytarilishini amalga oshiradi. Toʻlovchida bojxona toʻlovlarini, shuningdek penya yoki foizlarni toʻlash boʻyicha qarzdorlik boʻlgan taqdirda, dastlabki pul mablagʻlari toʻlovchining roziligi bilan ushbu qarzdorlik chegirib qolingan holda qaytarib beriladi. Agar dastlabki pul mablagʻlarini qaytarib berish haqidagi ariza ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan muddat ichida taqdim etilmagan boʻlsa, ushbu pul mablagʻlari bojxona organi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjetiga oʻtkaziladi.