Quyidagi tovarlar muayyan mamlakatda toʻliq ishlab chiqarilgan deb hisoblanadi: 1) uning hududidan, hududiy suvlaridan, qitʼa shelfidan yoki dengiz tubidan qazib olingan foydali qazilmalar, agar mamlakat ushbu yer qaʼri boyliklarini qidirish va qazib olish uchun mutlaq huquqqa ega boʻlsa; 2) mamlakat hududida yetishtirilgan yoki yigʻib olingan oʻsimlik mahsulotlari; 3) mamlakatda tugʻilgan va parvarish qilingan tirik hayvonlar; 4) mamlakatda yetishtirilgan oʻsimlik mahsulotlaridan va hayvonlardan olingan mahsulot; 5) mamlakatda tayyorlangan ovchilik, baliqchilik va dengiz ovi mahsuloti; 6) mamlakat kemalarida yoki ijaraga olgan (fraxt qilgan) kemalarida jahon okeanida ovlangan va (yoki) tayyorlangan dengiz ovi mahsuloti; 7) mamlakatda amalga oshiriladigan ishlab chiqarish yoki boshqa operatsiyalarning mahsuli boʻlgan ikkilamchi xom ashyo va chiqindilar; 8) mamlakatga tegishli boʻlgan yoki u ijaraga olgan kosmik kemalarda ochiq koinotdan olingan yuqori texnologiyalar mahsuloti; 9) mamlakatda ushbu moddada koʻrsatilgan mahsulotdangina ishlab chiqarilgan tovarlar.