Tovarlarni tasniflash: Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasini talqin etishning asosiy qoidalariga; tasniflashning har qanday darajasidagi kichik subpozitsiyalarga doir izohlarga muvofiq amalga oshiriladi. Tovarlarni tasniflashda Umumjahon bojxona tashkilotining Tovarlarni tavsiflash va kodlashtirishning uygʻunlashtirilgan tizimiga, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyatining tovar nomenklaturasiga doir tushuntirishlar tovar kodini uning xususiyatlari boʻyicha aniqlashtirish imkonini beradigan qoʻshimcha material sifatida qoʻllaniladi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyati tovar nomenklaturasining bir xil talqin etilishini taʼminlash maqsadida bojxona organi ayrim turdagi tovarlarni tasniflash boʻyicha qarorni chop etadi. Bojxona rasmiylashtiruvida tovarlar notoʻgʻri tasniflanganligi aniqlangan taqdirda bojxona organi tovarlarni tasniflashni mustaqil amalga oshiradi va ularning tasnifi boʻyicha qaror qabul qiladi. Bojxona organlarining tovarlarni bojxona maqsadlarida tasniflash boʻyicha qarorlari majburiydir. Bojxona organlarining qarorlari, ular mansabdor shaxslarining harakatlari (harakatsizligi) ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.