Tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirish quyidagi talablar va shartlarga rioya qilgan holda amalga oshiriladi: vaqtincha olib chiqilayotgan tovarning bojxona organlari tomonidan identifikatsiyalashni amalga oshirish mumkinligi; agar tovar vakolatli organlar tomonidan nazorat qilinishi lozim boʻlsa, ushbu organlarning ruxsatnomalari bojxona organlarining axborot tizimida mavjudligi; tovarni vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirayotgan shaxs Oʻzbekiston Respublikasining yuridik yoki jismoniy shaxsi yoxud vakolatli davlat organlarida akkreditatsiya qilingan chet ellik shaxs boʻlishi kerak. Bojxona hududidan vaqtincha olib chiqilgan tovar oʻzgarmas holatda qolishi kerak. Quyidagi tovarlar vaqtincha olib chiqish bojxona rejimiga joylashtirilmaydi: Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqilishi taqiqlangan tovarlar; chiqindilar; elektr energiyasi, suv, quvurlar orqali yetkazib beriladigan tovarlar (neft, gaz), shuningdek yoqilgʻi; olib chiqilishi kvotalanadigan tovarlar; sarflash materiallari va sarf qilinadigan namunalar, xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, oziq-ovqat mahsulotlari, alkogolsiz ichimliklar, alkogol va tamaki mahsuloti; bir marta ishlatish uchun moʻljallangan tovarlar. Ushbu moddaning uchinchi qismida koʻrsatilgan tovarlarni faqat reklama, namoyish qilish va ilmiy-tadqiqot maqsadlarida bitta nusxadan vaqtincha olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi. Vaqtincha olib chiqilgan tovar ustidan bojxona nazorati uning bojxona rasmiylashtiruvini bajargan bojxona organi tomonidan amalga oshiriladi.