Bojxona organlari Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan uslubiyot va tartibga muvofiq bojxona statistikasini yuritadi va shakllantiradi. Bojxona statistikasi maʼlumotlaridan bojxona organlari tomonidan bojxona maqsadlari va bojxona organlarining zimmasiga yuklatilgan boshqa vazifalarni bajarish uchun foydalaniladi. Bojxona statistikasini yuritish uchun shaxslar tomonidan ushbu Kodeksga va boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq bojxona organlariga taqdim etiladigan hujjatlar hamda maʼlumotlardan, shuningdek bojxona organlari ixtiyoridagi hujjatlar va maʼlumotlardan foydalaniladi. Bojxona organlari davlat, tijorat, bank sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni oʻz ichiga olgan bojxona statistikasi maʼlumotlarini oshkor etmasligi shart, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno. Bojxona statistikasi tashqi savdo bojxona statistikasi va maxsus bojxona statistikasiga boʻlinadi.