Bojxona kodeksi 409-6-modda. Shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha qaror chiqarish

Bojxona organi shikoyatlarni koʻrib chiqish uchun apellyatsiya komissiyasini tashkil etadi. Apellyatsiya komissiyasining tarkibi va shikoyatni koʻrib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan belgilanadi. Apellyatsiya komissiyasi shikoyatni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi: shikoyatni qanoatlantirmasdan qoldirish toʻgʻrisida; ustidan shikoyat qilingan qarorga oʻzgartirishlar kiritish haqida; qarorni bekor qilish va, zarur hollarda, yangi qaror qabul qilish toʻgʻrisida; bojxona organlari mansabdor shaxslarining harakatlarini (harakatsizligini) qonunga xilof deb eʼtirof etish va ishning mohiyati boʻyicha qaror chiqarish haqida. Apellyatsiya komissiyasining qarori shikoyat bergan shaxsga uch kun ichida yozma shaklda yuboriladi yoki topshiriladi, koʻchirma nusxasi esa tegishli bojxona organiga yuboriladi. Apellyatsiya komissiyasining ushbu Kodeksda belgilangan asosda va tartibda chiqarilgan qarori bojxona organlari tomonidan ijro etilishi shart.