Bojxona kodeksi 48-modda. Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash bojxona rejimida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi

Bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi vakolatli shaxs tomonidan aniqlanadi va tovarni qayta ishlashni amalga oshirishning haqiqiy sharoitlaridan kelib chiqqan holda, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash ruxsatnomasi berilayotganda bojxona organi tomonidan belgilanadi. Qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasini belgilashda bojxona organlari qayta ishlashning vakolatli shaxs tomonidan taqdim etilgan texnologik jarayoni toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilgan hujjatlarga hamda vakolatli organning va (yoki) vakolatli tashkilotlarning (shu jumladan bojxona laboratoriyalarining) qayta ishlashning aniq texnologik jarayoniga asoslangan xulosalariga tayanadi. Qayta ishlash mahsulotlarining tavsifi, miqdori, sifati qayta ishlash mahsulotlarining chiqish normasi belgilanganidan keyin aniqlanadi.