Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi vaqtincha olib kirish muddati oʻtgan kunning ertasidan kechiktirmay tovarni olib chiqish yoki uni boshqa bojxona rejimiga joylashtirish bilan tugallanishi kerak. Vaqtincha olib kirilgan tovarlar reeksport bojxona rejimiga bir yoki bir nechta turkum bilan joylashtirilgandan soʻng olib chiqilishi mumkin. Tovar avariya yoki yengib boʻlmas kuch taʼsiri oqibatida yoʻq qilingan yoki qaytarib boʻlmaydigan tarzda yoʻqotilgan yoxud Oʻzbekiston Respublikasi davlat organlarining qarorlari oqibatida egalikdan chiqib ketgan taqdirda, bu tegishli vakolatli davlat organi tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan boʻlsa, shaxs vaqtincha olib kirish bojxona rejimini belgilangan muddatda tugallamaganlik uchun javobgarlikdan ozod etiladi. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tugallanganda tovarning bojxona rasmiylashtiruvi bojxona rasmiylashtiruvini oʻtkazgan bojxona organi tomonidan yoki vakolatli shaxsning arizasiga binoan, shu tovarning oʻziga xos xususiyatidan kelib chiqqan holda zarur hajmda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish imkoniyatiga ega boʻlgan boshqa bojxona organi tomonidan oʻtkazilishi mumkin. Ariza berilayotganda vakolatli shaxs quyidagi hujjatlarni taqdim etishi kerak: tovarni vaqtincha olib kirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi; vaqtincha olib kirilgan tovardan foydalanish va (yoki) uni tasarruf etish vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tugallanguniga qadar boshqa shaxsga berilganligi yoxud u boshqacha tarzda boshqa shaxsga oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjat, agar shunday oʻtkazish bajarilgan boʻlsa. Vaqtincha olib kirish bojxona rejimi tovarni erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish bilan tugallanganda va davriy bojxona toʻlovlari toʻlanganda tovarni bojxona yigʻimlarini toʻlagan holda erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirish uchun bojxona yuk deklaratsiyasi rasmiylashtiriladi.