Bojxona kodeksi 77-modda. Olib kirilgan tovarlarning ekvivalent kompensatsiyasi

Ekvivalent kompensatsiyaga, yaʼni bojxona hududida qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan, olib kirilgan tovardan olinadigan qayta ishlash mahsulotini ekvivalent tovarni qayta ishlash orqali olingan boshqa tovar bilan, shu jumladan Oʻzbekiston tovari bilan almashtirishga, agar tovarni bojxona hududida qayta ishlash operatsiyasi taʼmirlashdan iborat boʻlsa, tovarni bojxona hududida qayta ishlash ruxsatnomasi asosida, shuningdek boshqa hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori asosida yoʻl qoʻyiladi. Ekvivalent tovar deganda, bojxona maqsadlari uchun, oʻz tavsifi, sifati va texnik xususiyatlariga koʻra olib kirilgan tovarga mos keluvchi tovar tushuniladi. Ekvivalent tovar, bojxona maqsadlari uchun, olib kirilgan tovar maqomini oladi, u bilan almashtiriladigan olib kirilgan tovar esa, ekvivalent tovar ega boʻlgan maqomni oladi. Ekvivalent tovarni qayta ishlash natijasida olingan mahsulotlarga ushbu bobning qoidalariga muvofiq olib kirilgan tovarni qayta ishlash mahsulotlari sifatida qaraladi. Agar tovarni bojxona hududida qayta ishlash uchun berilgan ruxsatnomada ekvivalent kompensatsiya nazarda tutilgan boʻlsa, bojxona hududida qayta ishlash uchun tovar olib kirilguniga qadar qayta ishlash mahsulotlarini olib chiqishga yoʻl qoʻyiladi.