Bojxona kodeksi 87-modda. Vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan amalga oshiriladigan operatsiyalar va harakatlar

Bojxona omborining egalari yoki vakolatli shaxslar vaqtincha saqlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan quyidagi operatsiyalar va harakatlarni bojxona organini xabardor qilgan holda amalga oshirishi mumkin: tovarni koʻzdan kechirish va oʻlchash; ushbu Kodeksning 211-moddasiga muvofiq tovarni tadqiq etish va identifikatsiyalash uchun uning namunalari va nusxalarini olish; tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishi uchun zarur operatsiyalarni amalga oshirish, shu jumladan buzilgan oʻrov-idishlarni toʻgʻrilash; vaqtincha saqlash joyi doirasida tovarning oʻrnini oʻzgartirish. Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan operatsiyalar va harakatlarning amalga oshirilishi tovarning yoʻqotilishiga yoki uning xossalari oʻzgarishiga olib kelsa, mazkur operatsiyalar va harakatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tovarning namunalari va nusxalariga nisbatan ular erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganidagi kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi yoki ularning toʻlanishi taʼminlanishi zarur, bundan quyidagi hollar mustasno, agar vakolatli shaxsning yozma majburiyatiga muvofiq: tovar keyinchalik boshqa bojxona rejimiga joylashtirilgan taqdirda namunalar va nusxalar bojxona yuk deklaratsiyasiga kiritilsa; namunalar va nusxalar tovar saqlanadigan muddat ichida bojxona omboriga qaytarilsa, lekin bu muddat oʻttiz kalendar kundan oshmasligi lozim. Vaqtincha saqlash bojxona rejimida turgan tovarning bir bojxona omboridan boshqasiga bojxona nazorati ostida olib oʻtilishiga ushbu Kodeks 85-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddat tugaguniga qadar yoʻl qoʻyiladi. Bunda tovarning vaqtincha saqlash bojxona rejimida turishi muddatining oʻtishi uzilmaydi va toʻxtatib qoʻyilmaydi.