Vakolatli shaxslar bojxona ombori bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar bilan bojxona organini xabardor qilgan holda quyidagilarni amalga oshirishi mumkin: tovarning oʻzgarmas holatda but saqlanishini taʼminlash uchun zarur operatsiyalarni bajarish; tovarni tekshirish, koʻzdan kechirish va oʻlchash; bojxona ombori ichida tovarning joyini oʻzgartirish, basharti mazkur oʻzgartirish tovarning holati oʻzgarishiga, uning oʻrov-idishi buzilishiga va (yoki) qoʻyilgan bojxona identifikatsiyalash vositalarining oʻzgarishiga olib kelmasa; ushbu Kodeksning 211-moddasiga muvofiq tadqiq etish va identifikatsiyalash uchun tovarning namunalari va nusxalarini olish; tovarni sotishga va tashishga tayyorlash uchun zarur operatsiyalarni bajarish, shu jumladan turkumlarga boʻlish, joʻnatmalarni shakllantirish, saralash, oʻrash-joylash, qayta oʻrash-joylash, tamgʻalash (aksiz markalari bundan mustasno), boshqa shu kabi operatsiyalarni, shu jumladan oddiy yigʻish operatsiyalarini bajarish; tovarning sifatini yaxshilash uchun zarur boshqa operatsiyalarni bajarish, bundan tovarni aralashtirish, qayta ishlash yoki unga ishlov berish mustasno. Agar ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan operatsiyalar va harakatlarning bajarilishi tovarning yoʻqotilishiga yoki xossalarining oʻzgarishiga olib kelsa, ushbu operatsiyalar va harakatlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Tovarning namunalari va nusxalariga nisbatan ular erkin muomalaga chiqarish (import) bojxona rejimiga joylashtirilganida boʻlgani kabi bojxona toʻlovlari toʻlanishi yoki bunday toʻlovlarni toʻlash taʼminlanishi zarur, bundan tovarni keyinchalik boshqa bojxona rejimiga joylashtirishda namunalar va nusxalarning bojxona yuk deklaratsiyasiga kiritilish hollari mustasno. Bojxona ombori bojxona rejimida turgan tovarni ushbu Kodeks 94-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan muddatlar tugaguniga qadar bojxona nazorati ostida bir bojxona omboridan boshqasiga olib oʻtishga yoʻl qoʻyiladi. Bunda tovarning bojxona ombori bojxona