Har bir bola sogʻligʻini saqlash huquqiga ega. Davlat sogʻlom bola tugʻilishini taʼminlash uchun onaga uning sogʻligʻini saqlash sharoitlarini yaratadi. Davlat bolalarga qonunchilikka muvofiq hajmda bepul tibbiy yordamni kafolatlaydi. Bolaning sogʻligʻini saqlash huquqi davlat tomonidan quyidagi yoʻllar bilan taʼminlanadi: malakali tibbiy xizmat koʻrsatilishini tashkil qilish; bolaning, uning ota-onasining salomatligini nazorat qilish va bolalar kasalliklari profilaktikasi; bolalar va oʻsmirlarni davolash-profilaktika muassasalarida dispanser kuzatuvini olib borish hamda davolash; talab darajasidagi sifatga ega boʻlgan oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilishi va sotilishini nazorat qilish; bolaning fiziologik xususiyatlari va sogʻligʻi holatiga javob beradigan taʼlim olish hamda mehnat qilish sharoitlarini yaratish; kasbga yaroqlilikni aniqlashda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan bepul tibbiy maslahat berish; sanitariya-gigiyena taʼlimi berish, sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish va ragʻbatlantirish; sogʻligʻining holati toʻgʻrisida bola uchun qulay boʻlgan tarzda zarur axborotni taqdim etish. Oʻn toʻrt yoshdan katta yoshdagi bola maʼlumotlarni bilgan holda tibbiy aralashuvga ixtiyoriy ravishda rozilik berish yoki uni rad etish huquqiga ega. Bola bilan uning hayotiga, sogʻligʻi va normal rivojlanishiga ziyon yetkazuvchi har qanday ilmiy tajriba yoki boshqa eksperimentlar oʻtkazish taqiqlanadi. Davlat maxsus cheklovlarni joriy etish va maxsus profilaktika dasturlarini amalga oshirish orqali bolani alkogolga moyillikdan, chekishdan, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalar va intellektual-irodaviy faoliyatga taʼsir koʻrsatadigan boshqa moddalarni isteʼmol qilishdan himoya qilish boʻyicha zarur choralarni koʻradi.