Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetasi tashkilot bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda tashkilot rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Budjet mablagʻlarini taqsimlovchining jamlanma xarajatlar smetasi budjet mablagʻlarini taqsimlovchining bosh buxgalteri (uning oʻrinbosari) va moliya-iqtisod boʻlinmasi boshligʻi (shtat jadvaliga muvofiq moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha mutaxassis) tomonidan imzolanadi hamda budjet mablagʻlarini taqsimlovchining rahbari yoki u vakolat bergan shaxs tomonidan tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun yillik jamlanma xarajatlar smetasi Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan kelishilgan holda joriy yilning 20-dekabriga qadar tasdiqlanadi. Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalarining kelgusi moliya yil uchun xarajatlar smetalari Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan joriy yilning 25-dekabriga qadar tasdiqlanadi. Kapital qurilish obyektlari boʻyicha xarajatlarning smetalari buyurtmachi tomonidan tasdiqlangan qurilishlarning manzilli roʻyxatlari va obyektlarning titul roʻyxatlari asosida tuziladi. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning xarajatlar smetalarini, budjet mablagʻlarini taqsimlovchining kelgusi moliya yil uchun jamlanma xarajatlar smetalarini tasdiqlash joriy moliya yilining 20-dekabridan kechiktirmay amalga oshiriladi.