Gʻaznachilik boʻlinmalari budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning buyurtmalari boʻyicha toʻlovlarni ularda budjetdan ajratiladigan mablagʻlar, yuridik va moliyaviy majburiyatlar mavjud boʻlgan taqdirda, shuningdek budjet tashkilotlari budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarining qoldiqlari doirasida amalga oshiradi. Budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilar xarajatlarni toʻlash uchun toʻlov hujjatlarini gʻaznachilik boʻlinmalariga toʻlov amalga oshiriladigan sanadan kechi bilan bir ish kuni oldin taqdim etadi. Gʻaznachilik boʻlinmalari tomonidan xizmat koʻrsatiladigan budjet tashkilotlari (budjet mablagʻlari oluvchilar) oʻrtasidagi, budjet tizimi budjetlarining turli darajalari oʻrtasidagi, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi toʻlovlar gʻazna memorial orderlari asosida amalga oshiriladi. Budjet tashkilotlarining va budjet mablagʻlari oluvchilarning chet el valyutasidagi toʻlovlari hamda pul oʻtkazmalari qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining norezidentlari foydasiga amalga oshiriladi. Tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib beruvchi tomonidan shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga joriy yoki kelgusi yilda qaytariladigan Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan oʻtgan moliya yilida hosil boʻlgan debitorlik qarzining summasi, tegishli moliya yiliga qoʻshimcha davrda qaytariladiganidan tashqari, tegishli budjet daromadlariga oʻtkaziladi.