Joriy moliya yilining budjet tizimi budjetlariga tushumlarni kiritish bilan bogʻliq boʻlgan barcha operatsiyalari joriy moliya yilining oxirgi ish kunida yakunlanadi. Davlat budjetiga va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlariga kelgusi yilda kiritilgan daromadlar yangi boshlangan yil daromadlari hisoblanadi. Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari daromadlari boʻyicha tranzit hisobvaraqlariga joriy yilning oxirgi ish kuni tugaguniga qadar kiritilgan va yangi boshlangan yilning uch ish kuni mobaynida Yagona gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkazilgan daromadlar oʻtgan yilning daromadlari hisoblanadi. Joriy yilning Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlaridan barcha toʻlovlar moliya yiliga qoʻshimcha vaqt davri tugaganidan soʻng yakunlanadi. Qoʻshimcha vaqt davrida joriy moliya yili uchun Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarini ijro etish boʻyicha operatsiyalar, shu jumladan: budjetlararo munosabatlarni tartibga solish; budjet tashkilotlari va budjet mablagʻlari oluvchilarning kreditorlik qarzlarini toʻlash; budjet tashkilotlari tomonidan iqtisod qilingan mablagʻlar summalarini budjet tashkilotlarining rivojlantirish jamgʻarmalariga (tibbiyot tashkilotlarining moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmalariga) oʻtkazish; Davlat budjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining budjetlari mablagʻlari hisobidan boshqa ruxsat etilgan toʻlovlar amalga oshiriladi. Budjetlararo munosabatlarni tartibga solish yuqori va quyi turuvchi budjetlar, shuningdek davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari oʻrtasidagi oʻzaro qarzdorlikning jami summasi toʻlanishini nazarda tutadi. Oʻtgan yilni yakunlash boʻyicha qoʻshimcha vaqt davrida muayyan toʻlovlarni amalga oshirish tartibi va muddatlari Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan belgilanadi.