Budjetlararo transfertlar subvensiyalar, oʻtkazib beriladigan daromadlar, dotatsiyalar, budjet ssudasi oʻzaro hisob-kitoblar boʻyicha mablagʻlar, tartibga soluvchi budjetlararo transfertlar va maqsadli ijtimoiy transfertlar shaklida amalga oshiriladi. Budjetlararo transfertlarning hajmlari: joriy moliya yilida turli darajadagi budjetlar daromadlari va xarajatlari oʻzgarishiga sabab boʻluvchi qonunchilik hujjatlari qabul qilinganda; tegishli barcha soliqlarning, yigʻimlarning, davlat bojlarining va soliq boʻlmagan toʻlovlarning toʻliq tushishidan hamda budjetdan ajratiladigan mablagʻlarning oʻzlashtirilishidan kelib chiqqan holda aniqlanadi. Budjetlararo transfertlarni moliyalashtirish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablagʻlar oʻtkazib berilgan budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlarini shakllantirish manbasi hisoblanmaydi. Budjetlararo transfertlar tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining xarajatlari tarkibiga kiritilmaydi, ularning hisobi alohida yuritiladi hamda ular Davlat budjetining ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettiriladi. Budjetlararo transfertlarni hisobga olish tegishli budjetlar va davlat maqsadli jamgʻarmalarining daromadlari va xarajatlarida alohida balansdan tashqari hisobvaraqlarda aks ettirilgan holda amalga oshiriladi. Yuqori turuvchi iqtisodiyot va moliya organi tashabbusi bilan yuqori turuvchi budjet quyi turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning bir shakli boʻyicha majburiyatlari quyi turuvchi budjetning yuqori turuvchi budjet oldidagi budjetlararo transfertning boshqa shakli boʻyicha majburiyatlarini kamaytirish evaziga hisobga olinishi mumkin.