Davlat tomonidan mablagʻ jalb qilish: Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan qarz oluvchi sifatida chet davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan, xalqaro moliya va iqtisodiy institutlardan, chet el hukumatlarining moliya tashkilotlaridan hamda Oʻzbekiston Respublikasining boshqa rezidentlari va norezidentlaridan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) boʻyicha; Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari boʻyicha; Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat qimmatli qogʻozlari boʻyicha qarz majburiyatlari tarzida amalga oshirilishi mumkin. Qarz majburiyatlari qisqa muddatli (bir yilgacha boʻlgan muddatga), oʻrta muddatli (bir yildan besh yilgacha muddatga) va uzoq muddatli (besh yil va undan ortiq muddatga) boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi davlat qarzi boʻyicha xizmat koʻrsatilishini taʼminlaydi, davlat kafolatini bajaradi.