Quyidagilar budjet intizomini buzishdir: Davlat budjeti, davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlari va budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamgʻarmalari mablagʻlarini ularni olish (ulardan foydalanish) shartlariga muvofiq boʻlmagan maqsadlarga moliya yili davomida yoʻnaltirish; gʻaznachilik boʻlinmalarida roʻyxatdan oʻtkazilmagan yoki roʻyxatdan oʻtkazilishi rad qilingan, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) yetkazib berish toʻgʻrisida tuzilgan shartnomalarga, shuningdek ularga kiritilgan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarga asosan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) qabul qilib olish; budjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari boʻyicha ijro etish navbatlariga rioya qilmaslik; mehnatga haq toʻlash boʻyicha belgilangan razryadlarga, lavozim maoshlari, ustamalar, ish haqiga qoʻshimchalar va boshqa toʻlovlar miqdorlariga rioya etmasdan moliya yili davomida toʻlovlarni amalga oshirish; budjetdan moliyalashtiriladigan muassasalar va tashkilotlarga ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar va ularga tenglashtirilgan boshqa xarajatlarni toʻlash uchun pul mablagʻlari berilishini, shuningdek pensiyalarni yetkazib berishni amalga oshiruvchi muassasalarga pul mablagʻlari berilishini banklarning rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslari tomonidan asossiz kechiktirish.