Budjet kodeksi 21-modda. Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi

Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi daromadlarni ularning turlari va manbalari boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi. Budjet tizimi budjetlari daromadlarining tasnifi tuzilmasi quyidagilardan iborat: budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi; daromadlarning turlari; tashkiliy tasnif; hududiy tasnif. Budjet tizimi budjetlari mablagʻlarining manbalari va darajalari tasnifi kelib tushayotgan daromadlarning tegishli mablagʻlar manbalariga va ushbu budjetlar darajalariga mansubligini aniqlash uchun qoʻllaniladi. Daromadlarning turi boʻlim, paragraf va daromad tipidan iboratdir. Daromadlar boʻlimi daromadlarni ularni olish manbalari boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi. Daromadlar paragrafi soliqlarni, yigʻimlarni va davlat bojini, shuningdek soliq boʻlmagan toʻlovlarni ularni undirish bazasi boʻyicha kodlashdan iborat boʻladi. Daromad tipi budjet tizimi budjetlari daromadining aniq turidan iborat boʻladi. Tashkiliy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ana shu daromadlarni maʼmuriy jihatdan idora qiluvchi tegishli organga mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qoʻllaniladi. Hududiy tasnif kelib tushayotgan daromadlarning ushbu daromadlar shakllantirilayotgan yoxud oʻtkazib berilayotgan tegishli maʼmuriy-hududiy birlikka mansubligini identifikatsiyalash maqsadida qoʻllaniladi.