Budjet tizimi budjetlarining iqtisodiy belgilar boʻyicha xarajatlari quyidagi xarajatlar guruhlarini oʻz ichiga oladi: birinchi guruh — ish haqi, pensiyalar, nafaqalar, stipendiyalar, kompensatsiya toʻlovlari va kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam; ikkinchi guruh — ijtimoiy ehtiyojlarga ajratmalar; uchinchi guruh — kapital qoʻyilmalar (rivojlanish davlat dasturlarida nazarda tutilgan aniq yoʻnaltirilgan roʻyxatlarga muvofiq); toʻrtinchi guruh — boshqa xarajatlar. Xarajatlar guruhlari boʻyicha aniq moddalar budjet tasnifiga muvofiq belgilanadi.