Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining daromadlari: asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlarini tasdiqlashda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari bilan strategik resurslarga belgilanadigan chegara narxidan jahon narxining oshishi natijasida tushadigan tushumlar; Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining aktivlarini boshqarishdan, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi mablagʻlarining boʻsh turgan qoldiqlarini joylashtirishdan olinadigan daromadlar; qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining mablagʻlari oʻzining Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida ochilgan hisobvaraqlarida chet el valyutasida shakllantiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining hisobvaraqlariga tushadigan milliy valyutadagi mablagʻlarning Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining mablagʻlar tushgan sanadagi almashuv kursi boʻyicha chet el valyutasiga konvertatsiyasini amalga oshirib, ularni keyinchalik mazkur jamgʻarmaning valyuta hisobvaragʻiga kiritadi.