Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadlari: 1) belgilangan normativlarga muvofiq: foyda soligʻi; jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi (qonunchilikda belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetidan qaytarib berilgan daromad soligʻi summasi chegirilgan holda); aksiz soligʻi; yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq (bundan qurilish materiallari boʻyicha yer qaʼridan foydalanganlik uchun soliq mustasno); 2) bojxona bojlari; 3) qoʻshilgan qiymat soligʻi (qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻshilgan qiymat soligʻining oʻrnini qoplash bilan bogʻliq boʻlgan toʻlovlar chegirilgan holda); 4) boshqa daromadlar hisobidan shakllantiriladi. Boshqa daromadlar jumlasiga qonunchilikka muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga yoʻnaltiriladigan davlat bojlari, yigʻimlar, tovon pullari, kompensatsiya toʻlovlari, jarima sanksiyalari va belgilangan normativlar boʻyicha davlat aktivlarini joylashtirishdan va foydalanishga berishdan olingan daromadlar, meros, hadya huquqi boʻyicha davlat mulkiga oʻtkazilgan pul mablagʻlari, yuridik va jismoniy shaxslardan, shuningdek chet davlatlardan tushgan qaytarilmaydigan pul tushumlari, rezident boʻlgan yuridik shaxslarga berilgan budjet ssudalari va chet davlatlarga berilgan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlari, aksiyalarning davlat ulushi (payi) boʻyicha dividendlar (daromadlar), bundan mahalliy davlat hokimiyati organlarining ulushi boʻyicha dividendlar (daromadlar) mustasno, mahsulot taqsimotiga oid bitimlar boʻyicha foyda keltiradigan mahsulotdagi davlat ulushi, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining foydasi va boshqa daromadlar kiradi.