Budjet kodeksi 95-modda. Davlat budjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihasini ishlab chiqish

Davlat budjetining loyihasini ishlab chiqish Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan: makroiqtisodiy koʻrsatkichlar prognozi; daromadlarning tashkil topish manbalari boʻyicha Davlat budjeti daromadlari prognozi; birinchi darajali budjet mablagʻlarini taqsimlovchilarning budjet soʻrovlari va Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjeti hisobidan ayrim tadbirlar uchun xarajatlar hajmining prognozi; Qoraqalpogʻiston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahrining mahalliy budjetlari loyihalari asosida ishlab chiqiladi. Davlat budjetining loyihasida xarajatlar daromadlarning prognoz qilinayotgan hajmidan kelib chiqib Davlat budjeti taqchilligining cheklangan miqdori hisobga olingan, uni qoplash manbalari belgilangan holda nazarda tutiladi. Davlat budjetining loyihasida Davlat budjeti daromadlari prognozidan kelib chiqib sudlar faoliyatini moliyalashtirish xarajatlarini kamaytirish mumkin emas. Davlat budjetining loyihasi: ushbu Kodeksning 50 va 69-moddalariga muvofiq Davlat budjetining daromadlar manbalari boʻyicha daromadlari va yoʻnalishlar boʻyicha xarajatlari prognozidan; Davlat budjeti taqchilligining eng yuqori miqdori va uni qoplash manbalaridan tarkib topadi. Davlat maqsadli jamgʻarmalarini taqsimlovchi organlar tomonidan ishlab chiqilgan davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalari tushumlar manbalari boʻyicha daromadlar va yoʻnalishlar boʻyicha xarajatlar prognozidan tarkib topadi. Davlat maqsadli jamgʻarmalari budjetlarining loyihalarini taqchillik bilan ishlab chiqishga, agar taqchillik davlat maqsadli jamgʻarmalarining yil boshidagi qoldiq mablagʻlari bilan qoplanmasa, yoʻl qoʻyilmaydi.