Davlat boji toʻgʻrisida 16-modda. Davlat boji toʻlovlarini va tushumlarini hisobga olish

Davlat boji naqd pulsiz oʻtkazilganligiga doir toʻlov topshiriqnomalari, davlat bojini toʻlash uchun pul qabul qilib olinganligi toʻgʻrisidagi kvitansiya davlat bojini undiradigan davlat organlarida qoladigan tegishli materiallarga qoʻshib qoʻyiladi. Notarial harakatlarni roʻyxatdan oʻtkazish reyestrida kiritilgan davlat boji summasi, davlat boji toʻlanganligi haqidagi hujjatning sanasi va raqami koʻrsatiladi. Toʻlovchilar davlat bojini toʻlashdan ozod etilgan hollarda, tegishli hujjatlarga (reyestrlarga, daftarlarga va boshqa shu kabilarga) tasdiqlovchi hujjatlarning koʻchirma nusxalari ilova qilingan holda belgi qoʻyiladi, bundan pensiyalar va nafaqalar olish uchun ishonchnomalarni tasdiqlash hollari mustasno. Davlat boji tushumlarini hisobga olish davlat bojini undiradigan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Davlat boji tushumlari boʻyicha hisobot davlat bojini undiruvchi davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan oʻzi joylashgan yerdagi davlat soliq xizmati organlariga yilning har choragida, hisobot choragidan keyingi oyning 10-kunidan kechiktirmasdan taqdim etiladi.