Davlat boji toʻgʻrisida 20-modda. Notarial harakatlar bajarilganligi uchun davlat boji undirishning oʻziga xos xususiyatlari

Notarial harakatlar notariuslar tomonidan bajarilganligi uchun davlat boji ular amalga oshirilganda undiriladi, notarial idoralardagi ishlarda mavjud boʻlgan hujjatlarning dublikatlarini, hujjatlarning koʻchirma nusxalarini, notarial harakatlarni roʻyxatga olish reyestridan koʻchirmalarni berganlik uchun esa ular berilayotganda undiriladi. Davlat boji toʻlashdan bir taraf ozod etiladigan bitimlar boʻyicha davlat bojini boshqa taraf toʻliq toʻlaydi. Notarius depozitiga qabul qilish uchun pul summalari pochta orqali yoki bankdan kelib tushgan hollarda davlat bojining tegishli summalari kelib tushgan puldan ushlab qolinadi, ularning qoldigʻi esa depozitga qabul qilinadi. Ushlab qolingan davlat boji summalari notarius tomonidan depozit summalari bankka navbatdagi topshirish chogʻida budjetga oʻtkazilib, bank kvitansiyasi notarial idora ishlarida saqlanadi. Notarial idora binosidan tashqarida amalga oshiriladigan notarial harakatlar uchun davlat boji ikki baravar miqdorda undiriladi, bundan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari binolarida notariuslarning sayyor qabullari chogʻida amalga oshiriladigan notarial harakatlar, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi yoki qamoqda saqlanayotgan shaxslarning ishonchnomalarini notarial tartibda tasdiqlash mustasno. Bir nechta merosxoʻr (shu jumladan qonun boʻyicha, vasiyatnoma boʻyicha va merosdan majburiy ulush olish huquqiga ega boʻlgan merosxoʻrlar) mavjud boʻlgan hollarda davlat boji har bir merosxoʻrga tegishli meros ulushidan hisoblab chiqariladi. Voyaga yetmagan merosxoʻrlar (shu jumladan meros qoldiruvchilarning bolalari boʻlmagan merosxoʻrlar) mavjud boʻlgan taqdirda davlat boji faqat voyaga yetgan merosxoʻrlardan ularning merosdagi ulushiga mutanosib ravishda undiriladi. Agar merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisidagi guvohnoma merosxoʻrlarning arizasi boʻyicha meros mol-mulkning bir qismiga berilayotgan boʻlsa, davlat boji mol-mulkning berilayotgan guvohnomada koʻrsatilgan qismi uchun belgilangan stavka boʻyic