Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 14-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining javobgarligi

Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi), shuningdek xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarmaganligi qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi. Davlat fuqarolik xizmatchisining harakatlari (harakatsizligi) oʻzining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari buzilishiga sabab boʻldi deb hisoblovchi jismoniy yoki yuridik shaxs bunday harakatlar (harakatsizlik) ustidan yuqori turuvchi organga yoki sudga shikoyat qilishga haqli. Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) tufayli jismoniy yoki yuridik shaxslarga yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanib, ushbu zarar keyinchalik aybdor boʻlgan davlat fuqarolik xizmatchisidan undirib olinadi. Davlat organi rahbarining yoki mansabdor shaxslarning qonunga xilof topshirigʻini bajarish natijasida davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan yetkazilgan zararning oʻrni qonunchilikda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Zarar miqdori qonunga xilof topshiriqni bergan davlat organi rahbaridan yoki mansabdor shaxsidan regress tartibida undiriladi.