Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 18-modda. Davlat fuqarolik xizmatida sovgʻalarga nisbatan munosabatda boʻlish shartlari

Davlat fuqarolik xizmatida davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila aʼzolariga) bepul berilgan, moddiy qimmatga ega boʻlgan mol-mulk yoki davlat fuqarolik xizmatchisiga (uning oila aʼzolariga) begʻaraz koʻrsatilgan xizmat sovgʻa hisoblanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisining xizmat vakolatlarini jismoniy va yuridik shaxslar manfaatlarini koʻzlab bajarish yoki bajarmaslik evaziga ulardan har qanday sovgʻalar olish taqiqlanadi. Bundan davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan alohida xizmatlari uchun davlat organining tegishli qarori asosida olingan sovgʻalar, shuningdek musobaqalar va tanlovlarda erishgan yutuqlari, davlat bayramlari, nishonlanadigan sanalar hamda boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan mukofotlash natijasida olingan sovgʻalar mustasno. Davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat safarlari vaqtida, shuningdek xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan sovgʻalar olishi mumkin. Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin boʻlgan sovgʻa qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.