Manfaatlar toʻqnashuvi davlat fuqarolik xizmatchisining shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning oʻz xizmat vakolatlarini lozim darajada bajarishiga taʼsir koʻrsatadigan yoxud taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda fuqarolarning, jamiyatning yoki davlat organining shaxsiy manfaatdorligi va huquqlari, qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga keladigan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyatdir. Manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelgan taqdirda, davlat fuqarolik xizmatchisi oʻzining rahbariga yoki yuqori turuvchi davlat organiga darhol yozma shaklda xabar qilishi kerak. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumotlar olgan davlat organining rahbari yoki yuqori turuvchi davlat organi ushbu toʻqnashuvni bartaraf etish yuzasidan oʻz vaqtida choralar koʻrishi shart. Manfaatlar toʻqnashuvini oldini olish va hal etish tartibi qonun bilan belgilanadi.