Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 28-modda. Davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish shartlari

Davlat fuqarolik xizmatiga davlat tilini biladigan, davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun tegishli malaka talablariga va boshqa talablarga javob beradigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi. Chet el mutaxassislari va ekspertlari davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini qonunchilikda belgilangan tartibda egallashi mumkin. Chet el mutaxassislari va ekspertlarining xizmatni oʻtash tartibi hamda shartlari tegishli shartnoma asosida belgilanadi. Quyidagilar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilinishi mumkin emas: oʻn sakkiz yoshga toʻlmagan shaxslar, agar davlat fuqarolik xizmati lavozimiga doir malaka talablarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa; sud tomonidan muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar; sudning qarori bilan muayyan muddatga davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash huquqidan mahrum qilingan shaxslar; korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda sud tomonidan aybdor deb topilgan shaxslar; ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarni sodir etganlik uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar; tibbiy xulosaga asosan sogʻligʻining holati davlat fuqarolik xizmati lavozimini egallash imkonini bermaydigan shaxslar; davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq boʻlgan, ushbu Qonun 13-moddasining birinchi qismida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya etishni rad qilgan shaxslar.