Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 30-modda. Mehnat shartnomasi

Davlat fuqarolik xizmatiga kirayotgan shaxs bilan mehnat shartnomasi mehnat qonunchiligi asosida muayyan yoki nomuayyan muddatga yozma shaklda tuziladi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari bilan mehnat shartnomasi tuzilmaydi. Mehnat shartnomasida davlat fuqarolik xizmatini oʻtashning asoslari va shartlari, davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi, davlat fuqarolik xizmatini oʻtash bilan bogʻliq cheklovlar, shuningdek uni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilishga taalluqli qoidalar koʻrsatiladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi bilan tuziladigan mehnat shartnomasiga doir namunaviy talablar maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.