Davlat fuqarolik xizmatini oʻtash muddati davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan eʼtiboran to davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati ushbu Qonunning 50-moddasida nazarda tutilgan asoslarga koʻra tugatilgan sanaga qadar boʻlgan davrni qamrab oladi. Davlat fuqarolik xizmatini oʻtash mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi va quyidagilarni oʻz ichiga oladi: davlat fuqarolik xizmatchisining ish vaqtini; davlat fuqarolik xizmatchisining lavozim yoʻriqnomasini; davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyat samaradorligini baholashni; davlat fuqarolik xizmatida lavozim boʻyicha koʻtarilishni; boshqa davlat fuqarolik xizmati lavozimiga oʻtkazishni, shu jumladan rotatsiya tartibida oʻtkazishni va xizmat safarlarini; davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirishni; davlat fuqarolik xizmatchilarining mehnatiga haq toʻlashning yagona tartibini; davlat fuqarolik xizmatchilariga nisbatan ragʻbatlantirish yoki intizomiy jazo choralarini qoʻllashni. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining siyosiy guruhiga kiruvchi davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan davlat fuqarolik xizmatini oʻtash tartibi Oʻzbekiston Respublikasining alohida qonunlarida va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlarida belgilanadi.