Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uning shaxsiy va kasbga oid sifatlarini rivojlantirish, faoliyatining samaradorligini oshirish, rahbar kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish maqsadida amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi uni egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimiga teng boʻlgan boshqa lavozimga oʻz roziligi bilan oʻtkazish orqali amalga oshiriladi. Davlat fuqarolik xizmatida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim boʻlgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining roʻyxati belgilanadi. Ushbu lavozimlarni egallab turgan davlat fuqarolik xizmatchilarining rotatsiyasi ularning roziligisiz amalga oshiriladi. Quyidagi davlat fuqarolik xizmatchilari rotatsiya qilinmaydi: tayyorlash, qayta tayyorlashdan va malaka oshirishdan oʻtayotgan; homilador ayollar, shuningdek uch yoshga toʻlmagan bolalari bor ayollar; tibbiy xulosaga asosan oʻzlarining yoki ular bilan birga yashovchi oila aʼzolari sogʻligʻining holati rotatsiya oʻtkazilayotgan davlat fuqarolik xizmati lavozimi boʻyicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkoniyatini bermaydiganlar. Davlat fuqarolik xizmatchisining rotatsiyasi shartlari mehnat shartnomasida nazarda tutiladi. Davlat fuqarolik xizmatchisi rotatsiya toʻgʻrisidagi qarordan norozi boʻlgan taqdirda yuqori turuvchi davlat organiga yoki maxsus vakolatli davlat organiga yoxud sudga shikoyat qilishga haqli. Davlat fuqarolik xizmatida rotatsiya qilish tartibi, majburiy ravishda rotatsiya qilinishi lozim boʻlgan davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining roʻyxati, shuningdek rotatsiya qilinadigan lavozimlarda boʻlish muddati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadi.