Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi: davlat organi — Davlat fuqarolik xizmati tatbiq qilinadigan davlat organlari va tashkilotlari roʻyxatiga kiritilgan davlat hokimiyat vakolatlariga ega boʻlgan tashkiliy jihatdan alohida tuzilma; davlat fuqarolik xizmati — davlat xizmatining bir turi boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini taʼminlashga doir haq toʻlanadigan kasbiy faoliyatini ifodalaydi; davlat fuqarolik xizmatchisining kasbiy kompetensiyasi — davlat organining vakolatlarini lozim darajada amalga oshirish uchun zarur boʻlgan bilimlar, malakalar va koʻnikmalar majmui; davlat fuqarolik xizmati lavozimi — davlat organining vakolatlarini amalga oshirish uchun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozim; Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalari — davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan rioya etilishi shart boʻlgan odob-axloq normalari majmui; malaka talablari — davlat fuqarolik xizmatining muayyan malaka darajasi berilishi va (yoki) davlat fuqarolik xizmatining muayyan lavozimini egallash uchun talabgor boʻlayotgan nomzodlarga nisbatan davlat organi tomonidan belgilanadigan, ish tajribasiga va kasbiy kompetensiyasiga doir talablar.