Davlat fuqarolik xizmatchisi boshqa davlat organining davlat fuqarolik xizmati lavozimiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun bir yildan koʻp boʻlmagan muddatga vaqtincha xizmat safariga yuborilishi mumkin. Bunda davlat fuqarolik xizmatchisining mehnatiga haq toʻlash u vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davlat organi bilan alohida tuziladigan muddatli mehnat shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Avvalgi xizmat joyi boʻyicha tuzilgan mehnat shartnomasining amal qilishi davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha xizmat safariga yuborilgan muddat tugaguniga qadar toʻxtatib turiladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga haqiqatda bajarilgan ishiga qarab, oʻzining asosiy lavozimidagidan kam boʻlmagan miqdorda ish haqi toʻlanadi. Davlat organining davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organiga vaqtincha xizmat safariga yuborish bilan bogʻliq xarajatlarining oʻrni vaqtincha xizmat safariga yuborilgan davlat fuqarolik xizmatchisini qabul qilgan davlat organi tomonidan qoplanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organining davlat fuqarolik xizmati lavozimiga yuklatilgan majburiyatlarni bajarish uchun vaqtincha xizmat safariga yuborish faqat uning yozma roziligi bilan amalga oshirilishi mumkin. Davlat fuqarolik xizmatchisini boshqa davlat organiga vaqtincha xizmat safariga yuborishga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyilmaydi: kasbiy kompetensiyalariga toʻgʻri kelmaydigan davlat fuqarolik xizmati lavozimlariga; tibbiy xulosaga asosan oʻzining yoki u bilan birga istiqomat qiladigan oila aʼzosining sogʻligʻi davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha xizmat safariga yuboriladigan davlat fuqarolik xizmati lavozimi boʻyicha xizmat majburiyatlarini amalga oshirish imkonini bermasa. Agar boshqa davlat organidagi mehnatga haq toʻlash yoki dam olish shartlari, qoʻshimcha kafolatlar va imtiyozlar davlat fuqarolik xizmatchisini vaqtincha xizmat safariga yuborgan davlat organidagidan farq qilsa, xizmatchiga nisbatan qulayroq shartlar qoʻllaniladi.