Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 46-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining intizomiy javobgarligi

Davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan lavozim yoʻriqnomasiga va Davlat fuqarolik xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga, shuningdek ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik unga nisbatan intizomiy jazo choralarini qoʻllash uchun asos boʻladi. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan quyidagi intizomiy jazo choralari qoʻllaniladi: hayfsan; oʻrtacha oylik ish haqining oʻttiz foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda jarima; malaka darajasini pasaytirish; davlat fuqarolik xizmati lavozimini pasaytirish; egallab turgan davlat fuqarolik xizmati lavozimidan ozod qilish. Davlat fuqarolik xizmatchisiga nisbatan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa intizomiy jazo choralarini qoʻllash taqiqlanadi.