Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 48-modda. Intizomiy jazo choralarini qoʻllash muddatlari

Intizomiy jazo chorasi darhol, biroq intizomiy qilmish aniqlangan kundan eʼtiboran bir oydan kechiktirmay qoʻllaniladi. Intizomiy jazo choralari: davlat fuqarolik xizmatchisi vaqtincha mehnatga qobiliyatsiz boʻlgan davrda; davlat fuqarolik xizmatchisi taʼtilda yoki xizmat safarida boʻlgan davrda; davlat fuqarolik xizmatchisi favqulodda vaziyat yoki harbiy xizmatni oʻtashi bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlarni amalga oshirayotgan vaqtga oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishdan ozod etilgan davrda; davlat fuqarolik xizmatchisi qayta tayyorlashda, malaka oshirishda boʻlgan va taʼlim olayotgan davrda qoʻllanilishi mumkin emas. Intizomiy jazo chorasini qoʻllash muddati ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan muddatlar oʻtguniga qadar toʻxtatib turiladi. Intizomiy jazo chorasi intizomiy qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran olti oydan kechiktirmay, taftish yoki moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish yoxud auditorlik tekshiruvi natijalariga koʻra esa — qilmish sodir etilgan kundan eʼtiboran ikki yildan kechiktirmay qoʻllanilishi mumkin. Koʻrsatilgan muddatlarga jinoyat ishi boʻyicha ish yuritish vaqti kiritilmaydi. Intizomiy jazo chorasi jazo qoʻllanilgan kundan boshlab bir yil davomida amal qiladi. Agar mazkur muddat ichida davlat fuqarolik xizmatchisiga yangi intizomiy jazo chorasi qoʻllanilmagan boʻlsa, u intizomiy jazoga tortilmagan deb hisoblanadi. Bunda intizomiy jazo chorasining muddati davlat organi rahbarining tegishli qarori chiqarilmagan holda, avtomatik tarzda tugaydi. Davlat organi rahbari intizomiy jazo chorasini oʻz tashabbusiga koʻra, davlat fuqarolik xizmatchisining bevosita rahbarining, kasaba uyushmasining (mavjud boʻlgan taqdirda) iltimosnomasiga binoan, shuningdek davlat fuqarolik xizmatchisining iltimosiga koʻra muddatidan ilgari olib tashlash huquqiga ega.