Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida 56-modda. Davlat fuqarolik xizmatchisining hayotiga, sogʻligʻiga va mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash

Davlat fuqarolik xizmatchisining hayoti yoki sogʻligʻiga mehnatda mayib boʻlishi, kasb kasalligiga chalinganligi yoki sogʻligʻi oʻz xizmat majburiyatlarini bajarishi chogʻida boshqacha tarzda shikastlanganligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni qonunda belgilangan tartibda davlat organi tomonidan qoplanadi. Davlat fuqarolik xizmatchisi xizmat majburiyatlarini bajarayotganda vafot etgan taqdirda, uning qaramogʻida boʻlgan oila aʼzolariga davlat organi tomonidan vafot etgan shaxsning oʻrtacha yillik ish haqining olti baravaridan kam boʻlmagan miqdorda bir yoʻla toʻlanadigan nafaqa ularning soniga teng taqsimlangan holda beriladi. Xizmat majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda davlat fuqarolik xizmatchisining mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari hisobidan toʻliq hajmda qoplanadi, ushbu summa miqdori keyinchalik aybdor shaxslardan regress tartibida undiriladi. Ushbu moddaning birinchi va ikkinchi qismlarida nazarda tutilgan ziyonning, zararning oʻrnini qoplash boʻyicha toʻlovlar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.