Maxsus axborot portali vakolatli organ tomonidan yuritiladigan, davlat xaridlari amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi eʼlonlar, davlat xaridlarining yakunlari, ishtirokchilarning takliflari haqidagi axborotni va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa axborotni elektron shaklda koʻzdan kechirishni, shuningdek amalga oshirilgan elektron davlat xaridlari toʻgʻrisida davlat xaridlari elektron tizimlarining operatorlari tomonidan kiritiladigan (yuboriladigan) axborotni toʻplashni taʼminlovchi veb-saytdir (maxsus elektron platforma). Maxsus axborot portalida: davlat xaridlari toʻgʻrisidagi axborotning jamoatchilik uchun ochiqligi; davlat xaridlari sohasidagi axborotni jamlash, unga ishlov berish va tahliliy hisobotni shakllantirish; davlat xaridlarining elektron tizimlari va boshqa axborot tizimlari bilan hamkorlikni amalga oshirish; xarid qilish tartib-taomillarining davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlari tomonidan davlat xaridlari subyektlarining oʻz vazifalarini ushbu Qonun va davlat xaridlari sohasidagi boshqa qonunchilik hujjatlari talablari doirasida amalga oshirayotganligi ustidan monitoring va nazorat oʻtkazish taʼminlanadi. Maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish, davlat xaridlari monitoringi va nazoratini oʻtkazish jarayonlari tizimlashtiriladi. Budjet buyurtmachilarining davlat xaridlari boʻyicha toʻlovlari maxsus axborot portalida davlat xaridlarini rejalashtirish, xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish, shartnoma tuzish va ular toʻgʻrisida axborot joylashtirish, shartnomani tegishli gʻaznachilik boʻlinmasida roʻyxatdan oʻtkazish jarayonlari tugaganidan keyin Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.