Davlat xaridlari toʻgʻrisida 28-modda. Davlat xaridlarining elektron tizimi

Davlat xaridlari subyektlarining hamkorligini, elektron davlat xaridlari jarayonidagi xarid qilish tartib-taomillari oʻtkazilishini taʼminlaydigan tashkiliy, axborotga oid va texnik yechimlarning dasturiy majmui davlat xaridlarining elektron tizimidir. Davlat xaridlarining elektron tizimi vakolatli organ tomonidan belgilangan talablarga, shu jumladan: texnik parametrlarga oid talablarga; texnik va texnologik imkoniyatlarga oid talablarga; axborotni va tegishli maʼlumotlarni saqlovchi asbob-uskunalarning joylashish yeriga oid talablarga; axborot xavfsizligi usullari va shartlariga; maxsus axborot portali va boshqa tashqi axborot tizimlari bilan hamkorlik imkoniyatlariga; xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazishga oid talablarga; davlat xaridlari subyektlarining, vakolatli organning va xarid qilish tartib-taomillari ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi vakolatli davlat organlarining tizimdan foydalanish imkoniyatlariga; davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa talablarga mos boʻlishi kerak.