Davlat xaridlari toʻgʻrisida 32-modda. Baholash mezonlariga va tartib-taomillariga taalluqli qoidalar

Ishtirokchilarning tovarlar (ishlar, xizmatlar) boʻyicha davlat xaridlariga taalluqli boʻlgan takliflarini baholash mezonlarida: narx; yetkazib berish bazisi; yetkazib berish muddatlari; tavsifnomalar va sifat koʻrsatkichlari; ekspluatatsiya qilish (foydalanish) muddati; toʻlov va kafolatlar shartlari; muayyan davrdagi ekspluatatsiya qilishga, shu jumladan foydalanish va taʼmirlashga doir xarajatlar; qonunchilik talablariga zid boʻlmagan boshqa mezonlar nazarda tutiladi. Davlat buyurtmachisi tomonidan belgilanadigan davlat xaridi shartlarida ishtirokchilarning takliflarini baholash mezonlari, ularning nisbiy qiymati, baholash tartib-taomillari doirasida baholash mezonlarini qoʻllash tartibi boʻlishi kerak. Ishtirokchilarning takliflarini baholash va gʻolibni aniqlashda davlat buyurtmachisi faqat xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan baholash mezonlari va tartib-taomillaridan foydalanadi hamda bu mezonlar va tartib-taomillarni ushbu hujjatlarda bayon etilgan tartibda qoʻllaydi. Davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik muhitni yaxshilashga koʻmaklashish yoki atrof-muhitga boʻlgan salbiy taʼsirni kamaytirish maqsadida ishtirokchilarning takliflarini baholash va ijrochini aniqlash jarayonida energiya samaradorligi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik jihatdan maqbul materiallardan hamda ikkilamchi xom ashyodan, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi mezonlardan va xarid qilinayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) ekologik maqbulligini baholashga oid boshqa omillardan foydalanilishi mumkin.