Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi: benefitsiar mulkdor — pirovardida mulk huquqlariga egalik qiladigan yoki tovarlar (ishlar, xizmatlar) yetkazib beruvchini amalda nazorat qiladigan jismoniy shaxs; boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion — davlat xaridlari elektron tizimining maxsus platformasida davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli boʻlib, uni tashkil etish chogʻida narx gʻolibni aniqlashning yagona mezoni boʻladi; davlat buyurtmachisi — davlat xaridlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxs; davlat xaridlari — davlat buyurtmachilarining tovarlarga (ishlarga, xizmatlarga) boʻlgan ehtiyojlarini pulli asosda taʼminlash jarayoni; davlat xaridlari toʻgʻrisidagi shartnoma — davlat buyurtmachisi va davlat xaridlarining ijrochisi oʻrtasidagi davlat xaridlari boʻyicha huquqlar va majburiyatlarni belgilash, oʻzgartirish yoki bekor qilish toʻgʻrisidagi kelishuv; davlat xaridlarining subyektlari — davlat buyurtmachisi, xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi, davlat xaridlarining ijrochisi, xarid komissiyasi, davlat xaridlari elektron tizimining operatori, ixtisoslashgan tashkilot va ekspert, ekspert tashkiloti; dastlabki malaka tanlovi — xarid qilish hujjatlarida belgilangan texnik, iqtisodiy, tashkiliy va boshqa oʻziga xos xususiyatlarga muvofiq boʻlgan xarid qilish tartib-taomillarini oʻtkazishga qoʻyiladigan malakali xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchilarini tanlab olishning xarid komissiyasi tomonidan oʻtkaziladigan tartib-taomili; zaxiradagi gʻolib — xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha xarid komissiyasining qaroriga muvofiq gʻolibning taklifidan keyingi eng maqbul taklifni taqdim etgan deb topilgan xarid qilish tartib-taomillari ishtirokchisi; ikki bosqichli davlat xaridlari — texnik jihatdan murakkab boʻlgan muayyan qiymatli tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) bir shartnoma boʻyicha ikki oʻzaro bogʻliq bosqichda oʻtkaziladigan davlat xaridlarini amalga oshirishning raqobatli usuli;