Davlat xaridlari toʻgʻrisida 50-modda. Elektron doʻkonda takliflarning joylashtirilishi

Elektron doʻkon ishtirokchilarning takliflaridan shakllantiriladi. Ishtirokchining elektron doʻkonda qoʻyilgan taklifi davlat buyurtmachilariga yuborilgan ommaviy ofertadir. Ishtirokchi tomonidan elektron doʻkonda joylashtirilgan taklifda quyidagilar koʻrsatiladi: taklif etilayotgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) nomi; sotish narxi; tovarning eng koʻp va eng kam toʻpi; tovarning rusumi va texnik parametrlari (standartlashtirish boʻyicha normativ hujjat, texnik pasport); tovarning fotosurati; tovar yetkazib beriladigan (ish bajariladigan, xizmat koʻrsatiladigan) hudud; tovarni ishlab chiqaruvchi va u kelib chiqqan mamlakat toʻgʻrisidagi axborot; kafolat shartlari va muddati toʻgʻrisidagi axborot; tovar ishlab chiqarilgan yil (oziq-ovqatlar va tez buziladigan tovarlarning ishlab chiqarilgan kuni, oyi, yili); tovarning yaroqlilik muddati (kun, oy, yil); ishni bajarish, xizmatni koʻrsatish muddati; tovarni (ishni, xizmatni) majburiy sertifikatlashtirish talab etiladigan hollarda muvofiqlik sertifikati toʻgʻrisidagi axborot, shuningdek sanitariya-epidemiologik, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza haqidagi axborot; qonunchilikka binoan litsenziyalashning yoki ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat olishning yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnomani yuborishning majburiy talabi mavjud boʻlgan hollarda litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjat yoxud faoliyatni boshlagani haqidagi xabarnoma mavjudligi toʻgʻrisidagi axborot. Ishtirokchining ofertasi u elektron doʻkonda joylashtirilgan paytdan eʼtiboran oʻn besh ish kuni mobaynida amal qiladi. Ushbu muddat tugaganidan keyin ishtirokchi uni yana oʻn besh ish kuniga aktivlashtirishga haqli. Oferta davlat buyurtmachisi tomonidan akseptlangunga qadar ishtirokchi ofertani har qanday muddatda chaqirib olishga yoki unga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqli.