Eng yaxshi takliflarni tanlash (bundan buyon matnda tanlash deb yuritiladi) vositasidagi davlat xaridi quyidagi shartlar bir vaqtning oʻzida bajarilgan taqdirda amalga oshiriladi: gʻolibni aniqlash mezonlari tovar (ish, xizmat) davlat xaridining nafaqat pul ifodasiga, balki miqdoriy va sifat bahosiga ham ega boʻladi; tovarning (ishning, xizmatning) qiymati bir shartnoma boʻyicha bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming baravarigacha (budjet buyurtmachilari uchun olti ming baravarigacha) boʻlgan miqdorni tashkil etadi. Agar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan davlat buyurtmachilariga tender oʻtkazmasdan xaridlarni amalga oshirish huquqi berilsa, xarid qilish tartib-taomili davlat xaridining summasidan qatʼi nazar tanlash orqali amalga oshiriladi. Bunda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh ming (budjet buyurtmachilari uchun olti ming) baravari miqdoridan oshgan hollarda davlat xaridiga doir texnik topshiriqlar qonunchilikda belgilangan tartibda ekspertiza uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” davlat unitar korxonasiga (bundan buyon matnda Kompleks ekspertiza qilish markazi deb yuritiladi) kiritiladi. Tanlash majburiy tartibda elektron shaklda oʻtkaziladi, bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno.