Davlat xaridlari toʻgʻrisida 70-6-modda. Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash

Birinchi bosqichda takliflarni taqdim etish muddati tugagach, davlat buyurtmachisi takliflarni koʻrib chiqadi va baholaydi. Bunda xarid qilish hujjatlarida nazarda tutilgan texnik parametrlarga asosan texnik va ekspluatatsiya qilinish xususiyatlari boʻyicha eng maqbul takliflarni taqdim etgan ishtirokchilar birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan hisoblanadi. Davlat xaridlarining ikkinchi bosqichi birinchi bosqichdan oʻtgan kamida ikki nafar ishtirokchining takliflari mavjud boʻlganda oʻtkaziladi. Ikkinchi bosqichni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish jarayonida davlat buyurtmachisi kelib tushgan dastlabki takliflarga muvofiq oʻzining dastlabki talablarini qayta koʻrib chiqadi va takomillashtiradi, bunda davlat xaridi predmetini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ikki bosqichli davlat xaridlarining ikkinchi bosqichida davlat buyurtmachisi tomonidan oʻzgartirish kiritilgan xarid qilish hujjatlari birinchi bosqichdan muvaffaqiyatli oʻtgan ishtirokchilarga yigirma ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda yuboriladi va ularga oʻz uzil-kesil takliflarini taqdim etish orqali xaridda ishtirok etish taklif qilinadi. Takliflar turli darajadagi texnik afzalliklardan, iqtisodiy barqarorlik jihatlaridan, shu jumladan hayotiy davrning qiymatidan kelib chiqqan holda baholanadi. Yakuniy baholash xarid qilish hujjatlarida koʻrsatilgan tartibda davlat buyurtmachisi tomonidan amalga oshiriladi. Ikki bosqichli davlat xaridlari ishtirokchilarining takliflarini koʻrib chiqish va baholash muddati har bir bosqich boʻyicha takliflar berish tugagan paytdan eʼtiboran yigirma ish kunidan oshishi mumkin emas. Takliflarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha ikki bosqichli davlat xaridlari, agar ikkinchi bosqichda xarid komissiyasi barcha takliflarni rad etgan boʻlsa, oʻtkazilmagan deb hisoblanadi.