Davlat xaridlari toʻgʻrisida 76-modda. Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati

Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati davlat xaridlarini rivojlantirish va takomillashtirishga koʻmaklashish, davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilik talablari buzilishlarining oldini olish va ularni aniqlash hamda davlat buyurtmachilarini, vakolatli davlat organlarini aniqlangan qoidabuzarliklar haqida xabardor qilish maqsadida amalga oshiriladi. Xarid qilish tartib-taomillari ustidan jamoatchilik nazorati ochiqlik va shaffoflik prinsiplarini roʻyobga chiqarish vositasida amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga haqli. Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari: davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirishga doir takliflar tayyorlashga; xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish va shartnomalarni bajarishning borishi toʻgʻrisida axborot taqdim etish haqidagi soʻrovlarni davlat buyurtmachilariga yuborishga; xarid qilish tartib-taomillari yuzasidan mustaqil monitoringni va davlat xaridlari samaradorligini baholashni, shu jumladan ularning ushbu Qonun talablariga muvofiqligini baholashni amalga oshirishga; tekshiruv tadbirlarini oʻtkazish tashabbusi bilan davlat organlariga murojaat qilishga; davlat buyurtmachisi, davlat xaridlari elektron tizimi operatori, vakolatli organ, xarid komissiyalari va ularning aʼzolari harakatlarida (harakatsizligida) qoidabuzarliklar aniqlangan hollarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga; qonunchilikka muvofiq sudga murojaat qilishga haqli.