Vakolatli organ tomonidan shikoyatlarni adolatli, tezkor va samarali koʻrib chiqish maqsadida doimiy ravishda faoliyat koʻrsatadigan Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya tuziladi, uning tarkibi tegishli davlat organlari, davlat xaridlari elektron tizimining operatorlari va jamoatchilik vakillaridan iborat boʻladi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga kelib tushgan shikoyatlarni koʻrib chiqish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Vakolatli organ Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaning ishchi organi boʻlib, uning faoliyatini tashkil etadi. Har bir ishtirokchi, shuningdek nazoratni amalga oshirayotgan shaxslar davlat buyurtmachisining, xarid komissiyasining, uning aʼzolarining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining harakatlari (harakatsizligi) ustidan, agar bunday harakatlar (harakatsizlik) ishtirokchining huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzayotgan boʻlsa, sud tartibida yoki ushbu bobda belgilangan tartibda Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiyaga shikoyat qilish huquqiga ega. Davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni koʻrib chiqish boʻyicha komissiya aʼzolariga doir malaka talablari qonunchilikda belgilanadi.