Elektron tijorat toʻgʻrisida 12-modda. Elektron tijorat operatorlarining huquq va majburiyatlari

Elektron tijorat operatorlari quyidagi huquqlarga ega: elektron tijorat sohasidagi xizmatlarni shartnoma asosida oʻz vakolatlari doirasida koʻrsatish; elektron tijorat subyektlariga koʻrsatiladigan xizmatlarning shartlarini belgilash; elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni boshqa elektron tijorat operatorlariga saqlash uchun topshirish. Elektron tijorat operatorlari: qonunchilik talablariga rioya etishi; oʻz axborot tizimlarining uzluksiz ishlashini taʼminlash boʻyicha choralar koʻrishi; elektron tijorat sohasidagi standartlarga, normalarga va qoidalarga rioya etishi; oʻzining toʻliq nomi, tashkiliy-huquqiy shakli, litsenziyalari, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlari, koʻrsatiladigan xizmatlari, ularni koʻrsatish shartlari va qiymati (tariflari) toʻgʻrisidagi axborotni elektron tijorat subyektlariga oshkor etishi; elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning mazmunini hamda ulardan foydalanish tartibini oʻzgartirmasligi (bundan elektron tijorat subyektlari tomonidan tuzilgan shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno); elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni hamda shaxsga doir maʼlumotlarni ruxsatsiz foydalanishdan himoya qilishga doir chora-tadbirlarni taʼminlashi; elektron hujjatlarni, elektron xabarlarni yoki ularning koʻchirma nusxalarini, shu jumladan ulardagi axborotni uchinchi shaxslarga topshirmasligi (bundan qonunchilikda yoki shartnomalarda nazarda tutilgan hollar mustasno) shart. Elektron tijorat operatori tomonidan xizmatlar koʻrsatish shartlari va qoidalari ushbu Qonunga hamda boshqa qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmasligi kerak. Elektron tijorat subyektlarining elektron tijorat operatoriga topshirilayotgan elektron hujjatlarining va elektron xabarlarining mazmuni bilan bogʻliq boʻlgan huquqiy oqibatlar uchun elektron tijorat operatori javobgar boʻlmaydi. Elektron tijorat operatori qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.