Elektron tijorat toʻgʻrisida 13-modda. Elektron savdo maydonchasi operatorining huquq va majburiyatlari

Elektron savdo maydonchasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining birinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori huquqlaridan tashqari quyidagi huquqlarga ham ega: oʻz elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishni bevosita, mustaqil ravishda amalga oshirish; faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirayotgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirayotgan sotuvchilarning tegishli litsenziyalarini yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarini yoxud xabarnomalarini tekshirish. Elektron savdo maydonchasi operatori ushbu Qonun 12-moddasining ikkinchi qismida koʻrsatilgan elektron tijorat operatori majburiyatlaridan tashqari: qonunchilikka muvofiq muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) realizatsiya qilinishiga barham berilishi boʻyicha choralar koʻrishi; savdo maydonchasiga xizmat koʻrsatish toʻgʻrisidagi kelishuvni va elektron savdo maydonchasida savdo qilish qoidalarini muntazam ravishda elektron savdo maydonchasida aks ettirishi; elektron tijorat ishtirokchilari xizmat koʻrsatishga va savdoni amalga oshirishga doir shartnoma shartlari bilan tanishib chiqa olishini, shuningdek ularning toʻliq tarzda joylashtirilishini taʼminlash uchun texnik choralar koʻrishi ham shart. Agar elektron savdo maydonchasining operatori elektron tijorat sohasidagi oʻz faoliyatini toʻxtatib turmoqchi boʻlsa yoki xizmat koʻrsatish qoidalariga oʻzgartishlar kiritmoqchi boʻlsa, bu haqda kamida oʻttiz kun oldin tegishli savdo maydonchasida eʼlon berishi kerak (bundan qonunchilikda nazarda tutilgan hollar mustasno).