Elektron tijorat toʻgʻrisida 8-modda. Elektron tijorat ishtirokchilari

Elektron tijoratda tovarlarni sotuvchi, xizmatlarni yetkazib beruvchi yoki ishlarni bajaruvchi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda sotuvchi deb yuritiladi), shuningdek elektron tijoratda tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) xaridori, isteʼmolchisi sifatida ishtirok etuvchi yuridik yoki jismoniy shaxslar (bundan buyon matnda xaridor deb yuritiladi) elektron tijorat ishtirokchilaridir. Elektron tijorat sohasidagi sotuvchilar quyidagilardan iborat: elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana va (yoki) ulgurji sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar; elektron savdo maydonchasida tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) chakana sotish boʻyicha faoliyatni amalga oshiruvchi oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar. Elektron tijoratda ishtirok etish, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, elektron tijorat ishtirokchisiga nisbatan axborot tizimlaridan foydalanmagan holda amalga oshiriladigan oʻz tadbirkorlik faoliyatiga taalluqli qoʻshimcha talablar yoki cheklovlar belgilanishi uchun asos boʻlishi mumkin emas.