Sotuvchi quyidagi huquqlarga ega: elektron tijorat sohasidagi ishlab turgan axborot tizimlariga ofertani joylashtirish (taklif etish); oʻz elektron savdo maydonchasini va unda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) bevosita sotishni tashkil etish; elektron tijoratdagi shartnomalarni (bundan buyon matnda shartnoma deb yuritiladi) tuzish yoʻli bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish; elektron hujjatlarni va elektron xabarlarni elektron tijorat operatorlariga saqlash uchun topshirish. Sotuvchi: qonunchilik talablariga rioya etishi; tovarlar (ishlar, xizmatlar), ularni ishlab chiqaruvchilar, shuningdek tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotib olishga taalluqli boshqa qoidalar toʻgʻrisidagi toʻliq axborotni taqdim etishi; elektron hujjatlarning va elektron xabarlarning qonunchilikka muvofiq saqlanishini taʼminlashi; qonunchilikka muvofiq elektron tijoratni amalga oshirish chogʻida muomaladan olib qoʻyilgan yoki muomalasi cheklangan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishni amalga oshirmasligi; elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart. Sotuvchi elektron tijoratni davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turlarini amalga oshirgan yoki faoliyatni (harakatlarni) ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar asosida yoxud xabardor qilish tartibida amalga oshirgan taqdirda esa qonunchilikda belgilangan litsenziyalash tartibiga, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillariga muvofiq amalga oshirish huquqiga ega. Sotuvchi qonunchilikka hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.